Prezident Shavkat Mirziyoyev «Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Farmonda hududlarda mavjud sanoat salohiyatidan, ayniqsa, qurilish industriyasini rivojlantirishda noruda minerallarning xomashyo bazasini o‘zlashtirish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayotgani qayd etilgan. Xususan, keramzit, silikat qumi, shisha xomashyosi, qurilish va qoplama toshlarga ega o‘rganilgan konlarning yarmidan ko‘pi o‘zlashtirilmay qolmoqda. Natijada, sanitariya-texnik vositalar bo‘yicha mahalliy ishlab chiqarish ichki bozorning faqatgina 40 foizini, gazbeton bloklar – 51 foizini, lok-bo‘yoq mahsulotlari – 65 foizini, qurilish oynalari – 70 foizini, devor gulqog‘ozlari – 30 foizini tashkil etmoqda.

Elektrotexnika, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmatsevtika, zargarlik buyumlari, qog‘oz sanoati, qurilish materiallari, mebel, uy-ro‘zg‘or buyumlari ishlab chiqarish va boshqa mahalliy sanoat tarmoqlarini jadal rivojlantirishga ko‘maklashuvchi yaxlit tizimni yaratish, shuningdek, hududlarning sanoat salohiyatini oshirish maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga mahalliy sanoatni jadal rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi:

  • mavjud tabiiy va iqtisodiy resurslarni jalb qilish, tumanlar (shaharlar) salohiyatini ishga solish va ularning nisbiy ustunliklaridan foydalanish asosida mahalliy sanoatni rivojlantirish «drayverlari» bo‘lgan tarmoqlarni aniqlash;
  • tarmoqlarning ichki va tarmoqlararo kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va chuqurlashtirish, korxonalarni global ishlab chiqarish zanjirlariga jalb qilish va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni uchinchi davlatlarga hamkorlikda eksport qilishni yo‘lga qo‘yish;
  • sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ta’minlaydigan xususiy va xorijiy investitsiyalar hamda zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • «qo‘shimcha qiymat zanjirlari»ni kengaytirish, ishlab chiqarish tannarxi va xarajatlarini kamaytirish, tayyor mahsulotlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish;
  • kichik sanoat va maxsus iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish va faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan holda mahalliy sanoat korxonalari uchun professional kadrlar tayyorlash, trening dasturlaridan keng foydalanish;
  • tarmoqlar va hududlarning sanoat salohiyatini oshirish maqsadida tartibga solish muhiti va standartlarni takomillashtirish.

Yangi tartibga ko‘ra, 2021 yil 1 iyuldan mazkur farmonga 1-ilovada ko‘rsatilgan qurilish materiallarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan quyidagilar taqdim etiladi:

a) investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida, shu jumladan aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun beriladigan bank kreditlari summasining 50 foizigacha, biroq 15 milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kafolatlar;

b) qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalariga berilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun quyidagicha kompensatsiyalar:

  • milliy valutadagi kreditlar bo‘yicha – Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, biroq 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
  • chet el valutasidagi kreditlar bo‘yicha – tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 50 foizi, biroq 4 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;

v) sinov laboratoriyasi uskunalarini sotib olish va xalqaro sifat menejmenti standartlarini joriy etish xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, «O‘zsanoatqurilishbank» ATB, «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining:

  • 24ta tumanlar (shaharlar)ni qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish;
  • «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi huzurida Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kengash tashkil qilish;
  • ixtisoslashtirilgan tumanlarda zarur yer uchastkalarini ajratgan holda, shu jumladan «O‘zsanoatqurilishbank» ATB huzuridagi «PSB Capital» MChJ investitsiya kompaniyasi ishtirokida, qurilish materiallarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish maqsadida «kichik sanoat zonalari»ni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullangan.

Vazirlar Mahkamasi «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi huzuridagi Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha kengash, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, ikki oy muddatda ixtisoslashuv sohasini inobatga olib, loyihalar amalga oshirilishi taklif qilinadigan tumanlar (shaharlar) ro‘yxatini shakllantirgan holda 2022–2026 yillarda mahalliy sanoat tarmoqlarini jadal rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish dasturini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi «O‘zsanoatqurilishbank» ATBga qurilish materiallari sanoatidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 200 million AQSh dollari miqdorida kredit liniyasi ajratilishini ta’minlaydi.

Vazirlar Mahkamasi va Moliya vazirligi:

a) O‘zbekiston Respublikasi prezidenti topshiriqlariga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan 2021 yilda:

ixtisoslashtirilgan tumanlarda sanoat infratuzilmasini rivojlantirish uchun 400 milliard so‘m;

geologiya-qidiruv ishlarini olib borish uchun 100 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini nazarda tutadi;

b) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining asoslantirilgan takliflariga binoan ixtisoslashtirilgan tumanlarda sanoat infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ishlarning manzilli ro‘yxatini tasdiqlasin va ushbu manzilli ro‘yxatga muvofiq ishlarning moliyalashtirilishini ta’minlaydi.

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi 2021 yil 1 oktyabrga qadar kim oshdi savdolari natijalariga ko‘ra 500ta noruda foydali qazilmalar konlarining investorlarga foydalanishga berilishini ta’minlaydi.

2021 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan qurilish materiallarining muvofiqligini tasdiqlash ishlab chiqaruvchi (yetkazib beruvchi) tomonidan deklaratsiya qilish orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining mahalliy sanoat tarmoqlarini va qurilish materiallari ishlab chiqarishni jadal rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan yangi yaxlit tizimni joriy etish to‘g‘risidagi, quyidagilarning shaxsiy javobgarligini nazarda tutuvchi takliflari ma’qullangan:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sardor Umurzoqovga – mahalliy sanoatni jadal rivojlantirishga ko‘maklashishning vertikal tizimini joriy qilish yuzasidan;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlariga – «ichki bozor ehtiyojlarini o‘rganish – importni tahlil qilish – resurs bazasini aniqlash – yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish» tamoyili asosida mahalliy sanoatni rivojlantirish yuzasidan.

Quyidagi asosiy vazifalar yuklatilgan holda Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi apparati tuzilmasida shtatlarining umumiy soni 17 birlikdan iborat bo‘lgan Mahalliy sanoatni rivojlantirish va kooperatsiya aloqalari masalalari kotibiyati tashkil qilinadi:

  • mahalliy sanoatdagi idoralar va xo‘jalik birlashmalari faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mahalliy sanoatni rivojlantirish strategiyalari va rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish bo‘yicha ishini muvofiqlashtirish;
  • tarmoqlarning ichki va tarmoqlararo kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va chuqurlashtirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, tarmoqlar va hududlarning raqobatbardoshligini oshirish;
  • hududlarda kichik sanoat zonalari va sanoat klasterlarini ishga tushirish, kichik sanoat va maxsus iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan samarali foydalanishni tashkil qilish;
  • hududiy va respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini tashkil etish.

Kotibiyatning 6ta shtat birligi Vazirlar Mahkamasining umumiy shtat birliklari doirasida hamda qo‘shimcha ajratilayotgan 11ta shtat birligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining shtat birliklari hisobiga shakllantirilishi belgilangan.

Viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha yordamchisi lavozimi mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi lavozimiga o‘zgartiriladi. Bunda, ularning kotibiyatlari shtati Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining hududiy bo‘linmalaridan 2ta shtat birligini o‘tkazish hisobiga 3ta shtat birligigacha kengaytiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari zimmasiga Kotibiyat hamda viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi yuklanadi.

2021 yil 1 iyuldan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Elektron kooperatsiya portali markazi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va viloyatlar iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmalari huzuridagi Kichik sanoat zonalari direksiyalari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tizimiga to‘lig‘icha mavjud shtat birliklari va moddiy-texnika bazasi bilan birgalikda o‘tkaziladi.

Manba: kun.uz sayti